Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 77-modda. Subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqishda kelishuv bitimini tuzishning va tasdiqlashning oʻziga xos xususiyatlari

Subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish jarayonida kelishuv bitimi tuzilishi mumkin. Subsidiar javobgarlikka tortilgan shaxs tomonidan kelishuv bitimini bajarish uchun yetarli miqdordagi mol-mulk toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etilgan taqdirda, ushbu kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanishi mumkin. Kelishuv bitimi faqat subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisida ariza bergan shaxs hamda subsidiar javobgarlikka tortilgan shaxs oʻrtasida tuzilishi mumkin. Kelishuv bitimi shartlari (shu jumladan kompensatsiya berish, talablarni ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarga, aksiyalarga, obligatsiyalarga yoki boshqa qimmatli qogʻozlarga aylantirilgan aksiyalarga, innovatsion gʻoyalar va boshqalarga almashish) subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisida ariza bergan shaxslarning bir ovozdan maʼqullashi asosida tuziladi. Kelishuv bitimi shartlari belgilangan muddatda bajarilmagan taqdirda, kreditor subsidiar javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqqan sudga qarzni undirish uchun ijro varaqasini olish maqsadida murojaat etishga haqli.