Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida 86-modda. Qarzdorning moliyaviy ahvolini tahlil etish

Qarzdorning moliyaviy ahvolini tahlil etish qarzdorning mol-mulki sud xarajatlarining, sud boshqaruvchilariga haq toʻlash xarajatlarining oʻrnini qoplash uchun yetarliligini, shuningdek qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash mumkinligini yoki mumkin emasligini aniqlash maqsadida oʻtkaziladi. Muvaqqat boshqaruvchi qarzdorning moliyaviy ahvolini, shu jumladan qarzdorning mol-mulki boʻlsa, shu mol-mulkni inventarizatsiya qilish natijalarini va mulk huquqining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni tahlil qilish asosida qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash mumkinligi yoki mumkin emasligi toʻgʻrisidagi takliflarni, toʻlovga qobiliyatsizlikning keyingi tartib-taomillarini joriy etish maqsadga muvofiqligini asoslantiruvchi maʼlumotlarni tayyorlaydi. Muvaqqat boshqaruvchi moliyaviy tahlil natijasida qarzdorning moliyaviy ahvoli toʻgʻrisida quyidagi xulosalardan birini tayyorlaydi: toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari aniqlanmaganligi toʻgʻrisida; agar vaqtincha toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari aniqlansa, toʻlov qobiliyatini tiklash tartib-taomillaridan birini joriy etishning asoslari mavjudligi toʻgʻrisida; agar doimiy toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari aniqlansa, toʻlov qobiliyatini tiklash imkoniyati mavjudligi yoki mavjud emasligi toʻgʻrisida. Qarzdorning moliyaviy ahvolini aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Muvaqqat boshqaruvchi qarzdorning moliyaviy ahvolini aniqlash uchun ixtisoslashtirilgan tashkilotni jalb etishi mumkin.