Muvaqqat boshqaruvchi kreditorlarning birinchi yigʻilishi oʻtkaziladigan sanani belgilaydi va bu haqda barcha aniqlangan kreditorlarni, qarzdor xodimlarining vakilini, shuningdek kreditorlarning birinchi yigʻilishida ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan boshqa shaxslarni (organlarni) xabardor qiladi. Kreditorlarning birinchi yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisida xabardor qilish ushbu Qonunning 14-moddasida nazarda tutilgan tartibda muvaqqat boshqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Kreditorlarning birinchi yigʻilishi qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza ish yuritishga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi sud ajrimida sud majlisini oʻtkazishning belgilangan sanasiga kamida besh kun muddat qolganida oʻtkazilishi kerak. Talablari ushbu Qonun 87-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda taqdim etilgan va kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan kreditorlar kreditorlar birinchi yigʻilishining ovoz berish huquqiga ega boʻlgan ishtirokchilaridir. Kreditorlarning birinchi yigʻilishida qarzdor muassislarining (ishtirokchilarining) yoki qarzdor mol-mulki egasining vakili, qarzdor xodimlarining vakili ovoz berish huquqisiz ishtirok etishi mumkin. Kreditorlar yigʻilishida mazkur shaxslarning yoʻqligi yigʻilishni haqiqiy emas deb topish uchun asos boʻlmaydi.