Qarzdor tomonidan majburiyatlarni qarzni toʻlash jadvaliga muvofiq bajarish qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda taʼminlanishi mumkin. Qarzdorning qarzni toʻlash jadvalini bajarish boʻyicha majburiyatlari sud sanatsiyasi tartib-taomilini joriy etish haqida sud ajrim chiqargan paytdan eʼtiboran taʼminlangan deb hisoblanadi. Majburiyatlarni bajarish taʼminoti berilganligi toʻgʻrisidagi bitim, agar qonunda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, yozma shaklda tuziladi. Kreditorlar tarafidan mazkur bitimni kreditorlar yigʻilishining yoki kreditorlar qoʻmitasining vakili, sudning tashabbusi bilan sud sanatsiyasi tartib-taomili joriy etilgan taqdirda esa sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi, boshqa tarafdan — qarzdorning majburiyatlarni qarzni toʻlash jadvaliga muvofiq bajarishi taʼminotini bergan shaxslar (bundan buyon matnda majburiyatlarni bajarish taʼminotini bergan shaxslar deb yuritiladi) imzolaydi. Majburiyatlarni bajarishning berilgan taʼminoti miqdori qarzdor majburiyatlarining sud sanatsiyasi tartib-taomilini joriy etish haqidagi masala yuzasidan kreditorlarning yigʻilishi oʻtkazilishi oldidan oxirgi hisobot sanasidagi holatga koʻra balansda aks ettirilgan va kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan talablar asosida tuzilgan qarzni toʻlash jadvalidagi miqdoridan kamida yigirma foiz ortiq boʻlishi kerak. Qarzdorga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida tegishli boʻlgan mol-mulk, shu jumladan mulkiy huquqlar qarzdorning qarzni toʻlash jadvalini bajarish taʼminotining predmeti boʻlishi mumkin emas. Qarzni toʻlash jadvaliga oʻzgartishlar kiritilganligi, shuningdek qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlikning yangi tartib-taomili joriy etilganligi majburiyatlarni bajarishning berilgan taʼminotini tugatish uchun asos boʻlmaydi.