Chaqiriluvchilarning harbiy-texnika mutaxassisliklari boʻyicha tayyorgarligi mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari boʻyicha tayyorlash markazlarida (bundan buyon matnda mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi markazlar deb yuritiladi) amalga oshiriladi. Yoʻnalishi boʻyicha harbiy hisobdagi ixtisosliklarga turdosh oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan chaqiriluvchilar harbiy-texnika mutaxassisliklari boʻyicha bevosita shu muassasalarda tayyorgarlikdan oʻtadilar. Mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi markazlarda harbiy-texnika mutaxassisliklari boʻyicha tayyorgarlikka oʻn yetti yoshga toʻlgan, salomatligiga koʻra harbiy xizmatga yaroqli hamda tayyorgarlik tugaganidan keyin harbiy xizmatga chaqirilishi lozim boʻlgan chaqiriluvchilar jalb etiladi. Harbiy-texnika mutaxassisliklari boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtishga jalb etilgan fuqarolarning mashgʻulotlarda ishtirok etishi majburiydir. Harbiy-texnika mutaxassisliklari boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtishi lozim boʻlgan chaqiriluvchilarning soni, shuningdek ularning tayyorgarlik dasturlari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tasdiqlanadi. Chaqiriluvchilarning mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi markazlardagi tayyorgarligini moliyalashtirish Mudofaa vazirligi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va moliyalashtirishning qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa manbalari hisobidan amalga oshiriladi.