Oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish istagini bildirgan fuqarolar harbiy litseylarda, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida, mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi markazlarda yoki mustaqil ravishda tayyorgarlikdan oʻtadilar. Chaqiriluvchilarning jismoniy tayyorgarligi taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlari doirasida, shuningdek sport jamiyatlari va klublari, davolash muassasalari, mudofaa-sport sogʻlomlashtirish lagerlarida amalga oshiriladi. Chaqiriluvchilar bilan olib boriladigan davolash-sogʻlomlashtirish ishlari ularning turar joylarida, oʻqish yoki ish joylarida sogʻliqni saqlash organlari tomonidan davolash, davolash-profilaktika va davolash-sogʻlomlashtirish muassasalarida oʻsmirlar xonalarini tashkil etgan holda uyushtiriladi hamda oʻtkaziladi. Oʻn besh va oʻn olti yoshdagi oʻsmirlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishga mudofaa ishlari organlari tomonidan jalb etiladigan mutaxassis vrachlar tomonidan har yili amalga oshiriladi. Xalq taʼlimi organlari chaqiriluvchilarning umumtaʼlim tayyorgarlik darajasini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrishlari shart. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va taʼlim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirok etishlari mumkin.