Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida 49-modda. Fuqarolarning harbiy tajovuz yoki favqulodda vaziyatlar roʻy berish hollariga moʻljallangan harbiy tayyorgarligi

Fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi harbiy tajovuz yoki favqulodda vaziyatlar roʻy berish hollariga moʻljallangan harbiy tayyorgarligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan tashkil etiladi va ularning ish, oʻqish yoki turar joylarida ishlab chiqarishdan yoki oʻqishdan ajralmagan holda amalga oshiriladi. Fuqarolarning harbiy tayyorgarligini tashkil etish va unga rahbarlik qilish Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatiladi. Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimliklar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan birgalikda harbiy tayyorgarlikning zarur oʻquv-moddiy bazasini yaratadilar, harbiy tayyorgarlik rahbarlarini tanlash va tayyorlashni taʼminlaydilar. Fuqarolarni harbiy tayyorgarlikdan oʻtkazish tartibi va bunday tayyorgarlikdan ozod etiladigan shaxslar doirasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.