Uy-joy kodeksi 133-modda. Kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar

Kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar sovuq va issiq suv taʼminoti, oqova suvlarni chiqarib yuborish, elektr taʼminoti, gaz taʼminoti, isitish (issiqlik taʼminoti), qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun toʻlanadigan toʻlovlardan iboratdir. Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlari, ijaraga, arendaga oluvchilari oʻzlariga koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar uchun qonunchilikka va kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalar (ijrochilar) bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq majburiy toʻlovlar toʻlaydi. Uy-joy obyektining manzili boʻyicha doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan voyaga yetgan jismoniy shaxslar elektr taʼminoti, gaz taʼminoti, suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlari koʻrsatilganligi uchun haq toʻlash boʻyicha majburiyatlar yuzasidan qonunchilikka va kommunal xizmatlarni yetkazib beruvchi (bajaruvchi) korxonalar bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq solidar javobgar boʻladi. Koʻrsatiladigan kommunal xizmatlarning tariflari va mazkur xizmatlar normativlari qonunchilikka muvofiq tasdiqlanadi. Kommunal xizmatlar koʻrsatish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.