Uy-joy kodeksi 93-modda. Turar joy arendasi shartnomasining oʻzgarishi yoki bekor qilinishi asoslari

Turar joy arendasi shartnomasi, agar shartnomada yoki qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, taraflar kelishuvi boʻyicha oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Shartnoma shartlari bir tarafning aybi bilan buzilganda, shuningdek shartnomada yoki qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda turar joy arendasi shartnomasi ikkinchi tarafning talabiga binoan sud qaroriga koʻra oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Agar turar joyning arenda haqi shartnomada belgilangan muddat oʻtganidan soʻng ketma-ket ikki martadan ortiq toʻlanmayotgan boʻlsa, arenda shartnomasi sud tartibida bekor qilinishi mumkin va arendaga oluvchi arendaga berilgan turar joydan boshqa turar joy berilmasdan koʻchirilishi kerak.