Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida 11-modda. Diniy tashkilotni tashkil etish

Diniy tashkilot qonunchilikka muvofiq uning tashabbuskorlari (taʼsischilari) qaroriga koʻra tashkil etiladi. Diniy tashkilotning tashabbuskorlari (taʼsischilari) taʼsis yigʻilishini (konferensiyasini) chaqiradi, unda ustav qabul qilinadi va rahbar organlar tuziladi. Diniy tashkilot roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran tashkil etilgan deb hisoblanadi. Diniy tashkilot yuridik shaxsdir. Diniy tashkilot diniy tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha markaziy boshqaruv organi (bundan buyon matnda markaziy boshqaruv organi deb yuritiladi), diniy taʼlim muassasasi yoki mahalliy diniy tashkilot shaklida tashkil etilishi mumkin. Diniy taʼlim muassasasi roʻyxatdan oʻtkazilganidan va vakolatli organning tegishli litsenziyasini olganidan keyin oʻz faoliyatini amalga oshirish huquqini oladi. Diniy tashkilot belgilangan tartibda taqdim etiladigan yer uchastkalarida, vakolatli organ bilan kelishuvga koʻra tashkil etiladi. Tegishli diniy professional taʼlimga ega boʻlgan shaxs diniy tashkilotning rahbari boʻlishi mumkin, bundan diniy taʼlimotida diniy professional taʼlim tizimi nazarda tutilmagan konfessiyalar mustasno. Diniy tashkilotni qayta tashkil etish uning rahbar organining qaroriga koʻra qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish va oʻzgartirish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin. Diniy tashkilotni qayta tashkil etish qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.