Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida 4-modda. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining huquqlari

Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi quyidagi huquqlarga ega: oʻziga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etilganligi yoki ularni sodir etish tahdidi toʻgʻrisidagi ariza bilan tegishli vakolatli organlarga hamda tashkilotlarga yoxud sudga murojaat etish; maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali tekin huquqiy maslahat, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish; ichki ishlar organlariga himoya orderi berish toʻgʻrisidagi talab bilan murojaat qilish, himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda esa, ularni bu haqda xabardor qilish; sodir etilgan tazyiq va zoʻravonlik natijasida oʻziga yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplanishi hamda maʼnaviy ziyon kompensatsiya qilinishi toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat etish. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash hamda maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat etganda davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi.