Mulkdor davlat organlari va boshqa organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining xususiy mulk huquqining amalga oshirilishi bilan bogʻliq qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan, oʻz xohishiga koʻra, boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga yoxud sudga shikoyat qilish huquqiga ega. Boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga shikoyat berish bunday shikoyatni sudga berish huquqini istisno etmaydi. Mulkdor xususiy mulk huquqining amalga oshirilishi bilan bogʻliq oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida davlat organlarining va boshqa organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat etganida davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi.