Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida 24-modda. Mol-mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarining qayta koʻrib chiqilishiga hamda bekor qilinishiga yoʻl qoʻyilmasligi

Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish hamda xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsizdir. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta koʻrib chiqilmaydi hamda bekor qilinmaydi. Quyidagi koʻchar va koʻchmas mol-mulk davlat tasarrufidan chiqarilgan hamda xususiylashtirilgan korxonalarning mol-mulki deb eʼtirof etiladi (qonunga muvofiq davlat tasarrufidan chiqarilmaydigan va xususiylashtirilmaydigan obyektlar bundan mustasno): davlat tasarrufidan chiqarishni va xususiylashtirilgan korxonalarda davlat mol-mulkini xususiylashtirishni amalga oshirish paytida aniqlanmagan koʻchar va koʻchmas mol-mulk; korxona hududida joylashgan, davlat tasarrufidan chiqarishni va xususiylashtirishni amalga oshirish paytida tasarruf etish huquqisiz foydalanishga berilgan koʻchar va koʻchmas mol-mulk. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan obyektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta koʻrib chiqish, haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish taqiqlanadi.