Yer toʻgʻrisidagi qonunchilik quyidagi asosiy prinsiplarga asoslanadi: eng muhim tabiiy resurs, fuqarolar hayotiy faoliyatining asosi tariqasida yer fondini asrash, tuproq sifatini yaxshilash hamda uning unumdorligini oshirish; yerlardan oqilona, samarali va belgilangan maqsadda foydalanishni taʼminlash; qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlarning, eng avvalo sugʻoriladigan yerlarning alohida muhofaza etilishini, kengaytirib borilishini hamda ulardan qatʼiy belgilangan maqsadda foydalanishni taʼminlash; qishloq xoʻjaligi yerlarining unumdorligini oshirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda yerlarni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishni davlat yoʻli bilan va boshqa tarzda qoʻllab-quvvatlash; yerga va butun atrof tabiiy muhitga zarar yetkazilishining oldini olish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash; yerga egalik qilish va undan foydalanish shakllarining xilma-xilligi, yer munosabatlari ishtirokchilarining teng huquqliligini taʼminlash hamda ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya etish; yerdan foydalanganlik uchun haq toʻlash; yerlarning holati haqidagi axborotning toʻliq boʻlishini hamda undan erkin foydalanishga yoʻl qoʻyilishini taʼminlash.