Yer kodeksi 32-modda. Yer uchastkasining plani. Yer uchastkasining chegaralarini joyning oʻzida belgilash

Yer uchastkasining plani — yer uchastkasining topografik plani boʻlib, qabul qilingan belgilarga muvofiq unda muayyan yer uchastkasining chegaralarida vaqt jihatidan eng soʻnggi yer tuzilishi loyihasiga muvofiq soʻnggi bor suratga olingan paytdagi butun vaziyat va relyef koʻrsatiladi. Yer uchastkasining chegaralarini joyning oʻzida va xaritalarda dastlabki tarzda belgilash ajratib berish uchun yer uchastkasi tanlangan vaqtda uni berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar amalga oshiriladi. Yer uchastkasining planini va tavsifini tuzish, joyning oʻzida uning chegaralarini belgilash ishlari Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi boʻlinmalari tomonidan bajariladi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlanadi. Yer uchastkasining tasdiqlangan plani yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarning ajralmas qismi boʻlib qoladi. Yer uchastkalari planlarining asli kadastr ishiga doir hujjatlar orasida saqlanadi, nusxalari esa yer uchastkasi oluvchiga beriladi. Yer uchastkasining plani va tavsifini tayyorlash, marza belgilarini oʻrnatish, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, yer uchastkasi oluvchining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.