Yer kodeksi 49-modda. Qishloq xoʻjaligi kooperativlariga, boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga yer uchastkalari berish

Qishloq xoʻjaligi kooperativi — qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshirish uchun pay usuliga, jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning ixtiyoriy ravishda birlashishiga asoslangan mustaqil tijorat tashkiloti. Qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarda (xoʻjalik jamiyatlari hamda shirkatlari shaklida) ham tuzilishi mumkin. Qishloq xoʻjaligi kooperativlariga va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlariga qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini yuritish maqsadida yer uchastkalari beriladi, mazkur yer uchastkalaridan oqilona va samarali foydalanilgan taqdirda esa ular ijaraga qoʻshimcha yer uchastkalari olishi mumkin. Qishloq xoʻjaligi kooperativlariga va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlariga berilgan yerlar jamoat egaligidagi yerlardan va fuqarolarga dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yerlardan iborat boʻladi hamda ulardan faqat ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq foydalaniladi. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar qishloq xoʻjaligi kooperativlariga, qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga elektron onlayn-auksion orqali beriladi. Yer uchastkasining ijara shartnomasi qishloq xoʻjaligi kooperativi raisi, boshqa qishloq xoʻjaligi korxonasi, muassasasi, tashkiloti rahbari bilan tuman hokimi oʻrtasida tuziladi. Yer uchastkalarini olgan qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestridan elektron koʻchirma beriladi. Qishloq xoʻjaligi kooperativlari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlarining yer uchastkalariga boʻlgan huquqi ular uyushmalar va boshqa agrosanoat birlashmalari tarkibiga kirganida saqlanib qoladi.