Yerlardan oqilona foydalanishni va ularni muhofaza qilishni iqtisodiy ragʻbatlantirish yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlarining tuproq unumdorligi saqlanishi va tiklanishidan, yerlarni ishlab chiqarish faoliyatining salbiy oqibatlaridan himoya etilishidan manfaatdorligini oshirishga qaratilgan boʻlib, oʻz ichiga quyidagilarni oladi: yangi oʻzlashtirilayotgan va meliorativ holatini yaxshilash jarayonida turgan mavjud sugʻoriladigan yerlarga qonunchilikda belgilangan tartibda yer soligʻi boʻyicha imtiyozlar berish; yerlarni muhofaza qilish va qayta tiklash boʻyicha faoliyatni amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga kam chiqit va resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etishda soliqqa, kreditga oid va boshqa imtiyozlar berish; yerlarning sifatini yaxshilashni, ilmiy asoslangan almashlab ekishni joriy etishni, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning unumdorligini oshirishni, ekologik sof mahsulot yetishtirishni ragʻbatlantirish; yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilarning aybi boʻlmagan holda buzilgan yerlarni qayta tiklash uchun, zarurat boʻlgan taqdirda, respublika budjetidan yoki mahalliy budjetdan mablagʻlar ajratish, agrotexnika, oʻrmon melioratsiyasi tadbirlari va tuproqni himoya qilish yuzasidan boshqa tadbirlar oʻtkazish; yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilarning aybi boʻlmagan holda buzilgan yer uchastkalarini vaqtincha konservatsiya qilish natijasida ulardan keladigan daromadning kamayishini davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qisman qoplash; qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa tadbirlar. Yerlardan oqilona foydalanishni va ularni muhofaza qilishni iqtisodiy ragʻbatlantirish bilan bogʻliq tadbirlarni amalga oshirish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.