Fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari va nodavlat notijorat tashkilotlari yer uchastkalarini ajratish, ulardan oqilona va maqsadli foydalanish hamda ularni muhofaza qilish ustidan jamoatchilik nazoratini oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirishga haqli. Tabiatni muhofaza qilish jamiyatlari, ilmiy jamiyatlar va boshqa jamoat birlashmalari, shuningdek fuqarolar yerlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish ustidan nazoratni amalga oshirishda davlat organlariga va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga koʻmaklashadilar. Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari dehqon xoʻjaliklarining yer uchastkalaridan hamda tomorqa yerlardan maqsadli va samarali foydalanilishi, shu jumladan yerlarga ishlov berilishining holati, urugʻlar, koʻchatlar va daraxtlarning ekilishi, issiqxonalar qurilishi, chorva va parrandaning koʻpaytirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini hamda uylarni aylanib chiqish orqali muntazam ravishda monitoringni amalga oshiradi. Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi aʼzolari boʻlgan fermer, dehqon xoʻjaliklariga hamda tomorqa yer egalariga tegishli yer uchastkalaridan maqsadli va samarali foydalanish zarurligi toʻgʻrisida koʻrsatmalar berishga haqli. Yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish, yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish, ulardan tegishli hujjatlarda koʻrsatilgan normalardan ortiqcha tarzda gʻayriqonuniy tarzda foydalanish, qonunga xilof obyektlarni va inshootlarni qurish hollari, yer munosabatlari sohasidagi suiisteʼmolliklar toʻgʻrisida foto- va videoyozuv texnikasidan foydalanilgan holda tasdiqlangan xabarlar uchun jamoatchilik nazorati subyektlari ragʻbatlantirilishi mumkin. Jamoatchilik nazorati subyektlarini ragʻbatlantirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.