Yer kodeksi 86-modda. Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilariga va mulkdorlariga yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash

Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilariga va mulkdorlariga yetkazilgan zararning oʻrni (shu jumladan boy berilgan foyda) quyidagi hollarda toʻla hajmda qoplanishi kerak: yerlar olib qoʻyilgan, qayta sotib olingan yoki vaqtincha egallab turilganda; suvni muhofaza qilish zonalari, qirgʻoqboʻyi mintaqalari, suv obyektlarining sanitariya muhofazasi zonalari, yer usti va yer osti suvlarining hosil boʻlish zonalari, kurort tabiiy hududlar zonalari, davlat biosfera rezervatlari zonalari, davlat qoʻriqxonalari, buyurtma qoʻriqxonalar, davlat tabiat yodgorliklari, moddiy madaniy meros obyektlari, suv tashlamalari, yoʻllar, truboprovodlar, aloqa va elektr uzatish liniyalari atrofida muhofaza zonalari belgilanishi munosabati bilan ularning huquqlari cheklanganda; suv havzalari, kanallar, kollektorlar, shuningdek qishloq xoʻjaligi ekinlari va dov-daraxtlar uchun zararli moddalar chiqaradigan boshqa obyektlar qurish va ulardan foydalanishning taʼsiri hamda yuridik va jismoniy shaxslarning hosil kamayishiga va qishloq xoʻjaligi mahsulotining sifati yomonlashuviga olib boradigan boshqa xatti-harakatlari oqibatida yerlarning sifati yomonlashgan taqdirda. Zararlarning oʻrnini qoplash yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilayotganda tegishincha Jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan, shuningdek faoliyati yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning, yer uchastkalari ijarachilari hamda mulkdorlarining huquqlari cheklanishiga yoki yaqin atrofdagi yerlarning sifati yomonlashuviga olib borgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qonunchilikda belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.