Yer kodeksi 88-modda. Qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash tartibida tushadigan mablagʻlardan foydalanish

Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash tartibida tushadigan mablagʻlardan quyidagi moʻljallangan maqsadga koʻra foydalaniladi: yangi yerlarni oʻzlashtirish va sugʻoriladigan yerlarni kompleks rekonstruksiya qilish; tuproq hosildorligini oshirish, qishloq xoʻjalik yerlaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish; kollektor-drenaj tarmoqlarini qurish va qayta qurish, sugʻoriladigan yerlarni kapital rejalashtirish hamda ularning suv bilan taʼminlanish darajasini oshirish; pichanzorlar va yaylovlarni tubdan yaxshilash; yer tuzish, yer kadastri, yer monitoringi va tuproq jihatidan izlanishlar olib borish boʻyicha loyiha hujjatlarini hamda boshqa hujjatlarni tayyorlash yoki tuzatish; avtomatlashtirilgan yer-axborot tizimlarini yaratish. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan mablagʻlardan viloyat hokimining qaroriga binoan qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirishni koʻpaytirishga, qishloq xoʻjalik yerlaridan samarali foydalanish va ularni muhofaza qilishga qaratilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirishda ham foydalanilishi mumkin. Oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash tartibida tushadigan mablagʻlar alohida hisobga olib boriladi hamda ulardan oʻrmonlar va oʻrmon mevali daraxtzorlarni barpo etish va tiklash, qumli yerlar, suv havzalari hamda daryolarning qirgʻoq boʻyi mintaqalarida daraxtzorlar barpo etish, shuningdek oʻrmon yerlari holatini yaxshilashga qaratilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun foydalaniladi.