Yoʻl harakati toʻgʻrisida 28-modda. Yoʻl harakatini tashkil etish boʻyicha kompleks dasturlar

Yoʻl harakatini tashkil etish boʻyicha kompleks dasturlar yoʻl harakatini tashkil etishning strategik yoʻnalishlarini belgilash hamda yoʻl harakatini boshqarish samaradorligini taʼminlash yuzasidan qarorlar qabul qilish uchun ishlab chiqiladi. Yoʻl harakatini tashkil etish boʻyicha kompleks dasturlar tumanlar (shaharlar) kesimida besh yil muddatga ishlab chiqiladi hamda ular asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha kompleks dasturlar tayyorlanadi. Tumanlarning (shaharlarning), shaharchalar, qishloqlar va ovullarning koʻchalarida, shuningdek xoʻjalik yoʻllarida yoʻl harakatini tashkil etish boʻyicha kompleks dasturlar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlash uchun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritiladi. Umumiy foydalanishdagi yoʻllarda yoʻl harakatini tashkil etish boʻyicha kompleks dasturlar Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tayyorlanadi va tasdiqlanadi. Yoʻl harakatini tashkil etish boʻyicha kompleks dasturlarda quyidagilar nazarda tutiladi: yoʻl harakatini tashkil etish boʻyicha tadbirlar; atrof-muhitga transport vositalarining salbiy taʼsirini kamaytirishni taʼminlash boʻyicha tadbirlar; yoʻl harakatini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish; aholisi besh yuz ming nafar kishidan ortiq boʻlgan shaharlarda — tranzit tashuvchilar uchun aylanib oʻtish (halqa) yoʻllari haqidagi, tirbandliklarning oldini olish maqsadida shaharga kirilayotganda toʻxtab turish joylari toʻgʻrisidagi, shahar hududidagi mavjud toʻxtab turish joylari haqidagi avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini joriy etish; yoʻllarni va yoʻl obyektlarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash hamda taʼmirlash boʻyicha tadbirlar. Yoʻl harakatini tashkil etish boʻyicha kompleks dasturlarda koʻrsatilgan tadbirlarni amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi