Advokatura toʻgʻrisida 12-2-modda. Advokatlar palatasining asosiy vazifalari

Advokatlar palatasining asosiy vazifalari quyidagilardir: advokatlik tuzilmalarining faoliyatini markazlashtirilgan holda muvofiqlashtirib borish; advokaturani yanada rivojlantirishga, uning obroʻ-eʼtiborini oshirishga, advokaturaning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi rolini kuchaytirishga koʻmaklashish; aholining huquqiy bilimlari va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targʻibot chora-tadbirlarni amalga oshirish; qonunchilikni va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, huquqiy tartibga solishning yaxlitligini hamda qonunchilik normalarining bir xilda qoʻllanilishini taʼminlashga doir takliflar kiritish; advokatura faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish, ular yuzasidan takliflar tayyorlash; advokatlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish, shu jumladan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan munosabatlarda, shuningdek sudda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish; advokatlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bogʻliq taʼqiblardan, cheklashlar va tajovuzlardan himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish; advokatlarning kasbiy tayyorgarligi va malaka oshirishini tashkil etish; aholining yuridik yordamdan foydalana olish imkoniyatini tumanlar va shaharlarda yuridik maslahatxonalar tashkil etish orqali taʼminlash; advokatura faoliyati toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlarni toʻplash va oʻrganish, advokatlarning ijobiy ish tajribasini ommalashtirish, advokatlik tuzilmalariga uslubiy yordam koʻrsatish; advokatlar tomonidan qonunchilikka, Advokatning kasb etikasi qoidalariga, advokatlik siri va advokat qasamyodiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish. Advokatlar palatasi qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.