Advokatura toʻgʻrisida 14-modda. Advokatning intizomiy javobgarligi

Advokat tomonidan advokatura toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari, Advokatning kasb etikasi qoidalari, advokatlik siri va advokat qasamyodi buzilganligi unga nisbatan intizomiy choralar qoʻllanilishiga sabab boʻladi. Intizomiy ish yuritish malaka komissiyalarining yoki Oliy malaka komissiyasining qarori bilan qoʻzgʻatiladi. Intizomiy ish yuritishni qoʻzgʻatish uchun quyidagilar asos boʻladi: advokatura toʻgʻrisidagi qonunchilikning, Advokatning kasb etikasi qoidalari, advokatlik sirining va advokat qasamyodining advokat tomonidan buzilishi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi yoki adliya organi tomonidan aniqlanganligi; advokatning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan jismoniy yoki yuridik shaxslarning murojaatlari; sudning advokatga nisbatan chiqargan xususiy ajrimi. Intizomiy ish yuritishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha advokatga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin: ogohlantirish (malaka komissiyasining qaroriga asosan); litsenziyaning amal qilishini olti oygacha muddatga toʻxtatib turish (ushbu Qonun 15-moddasi ikkinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilariga muvofiq); litsenziyaning amal qilishini tugatish (ushbu Qonun 16-moddasi ikkinchi qismining ikkinchi , beshinchi va oltinchi xatboshilariga muvofiq). Malaka komissiyasi tomonidan qaror qabul qilinguniga qadar advokat intizomiy ish qoʻzgʻatilishiga sabab boʻlgan shikoyatni bergan shaxs bilan yarashuv choralarini koʻrishga haqli. Advokatlik tuzilmalari mehnat intizomini buzganlik uchun advokatga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq intizomiy jazo choralarini qoʻllashga haqli. Advokatga nisbatan intizomiy jazo nojoʻya xatti-harakat sodir etilgan kundan eʼtiboran olti oy oʻtganidan keyin, moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish etish yoki tekshirish natijalari boʻyicha esa, advokat tomonidan nojoʻya xatti-harakat sodir etilgan kundan eʼtiboran ikki yil oʻtganidan keyin qoʻllanilishi mumkin emas.