Advokatura toʻgʻrisida 3-modda. Advokat

Oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan va advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) belgilangan tartibda olgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasida advokat boʻlishi mumkin. Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslarning advokatlik faoliyati bilan shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Advokat quyidagilardan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishga haqli emas: ilmiy va pedagogik faoliyat; Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasidagi (bundan buyon matnda Advokatlar palatasi deb yuritiladi) va uning hududiy boshqarmalaridagi faoliyat; patent vakili va mediator sifatidagi faoliyat; shartnomaviy-huquqiy asosda davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatidagi faoliyat; hakamlik sudlarida va xalqaro tijorat arbitrajlarida (sudlarida) sudya sifatidagi faoliyat; sud boshqaruvchisi sifatidagi faoliyat (fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishni amalga oshirish boʻyicha advokatlik faoliyati uchun litsenziya olgan advokatlar uchun).