Oʻzbekiston Respublikasining yuridik maʼlumotga ega boʻlgan fuqarosi advokat yordamchisi boʻlishi mumkin. Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek sudlanganligi bekor qilinmagan yoki olib tashlanmagan shaxs advokat yordamchisi boʻlishi mumkin emas. Advokat yordamchisi advokat huquqlariga ega boʻlmaydi hamda uning tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarda, surishtiruv, dastlabki tergov organlarida, sudlarda va boshqa davlat organlarida ishlarni olib borishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Advokat yordamchisi advokat koʻrsatmasiga binoan advokatning yurituvidagi ishlar boʻyicha topshiriqlarni bajaradi, advokatning protsessual vakolatlariga taalluqli ishlar bundan mustasno. Advokat yordamchisining mehnat sharoitlari qonunchilikda belgilangan tartibda tuziladigan mehnat shartnomasi bilan belgilanadi. Advokat yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Advokatlar palatasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.