Aholi bandligi toʻgʻrisida 108-modda. Mehnat organlarining xorijiy ishchi kuchi jalb etilishini tartibga solish va qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish boʻyicha vakolatlari

Mehnat organlari Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy ishchi kuchini jalb etish monitoringini tarmoqlar va hududlarning aniq ehtiyojlarini hisobga olgan holda amalga oshiradi. Ushbu Qonun talablariga rioya etilishini nazorat qilish hamda tekshirish Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat mehnat inspeksiyasi hamda uning hududiy boʻlinmalari quyidagilarni: ish beruvchilar tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnomalar shartlariga, shuningdek mehnat, mehnatni muhofaza qilish, aholi bandligi, ish beruvchining fuqarolik majburiyatini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini; chet ellik fuqarolarning kasbiy-malakaviy mansubligi tekshiruvini oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarga muvofiq amalga oshiradi. Mehnat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi soliq qoʻmitasi bilan birgalikda har chorakda yuqori malakali va malakali mutaxassislarning daromadlaridan toʻlangan soliqlar summalarini tekshirish amalga oshiriladi. Ish beruvchilar va (yoki) chet ellik fuqarolar tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnomalarning shartlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi buzilganligi aniqlangan taqdirda, aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida mehnat organlari tomonidan tegishli koʻrsatmalar yuboriladi. Koʻrsatmalarda aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etishning ularni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib muddatlari koʻrsatilishi kerak. Aniqlangan qoidabuzarliklar mehnat organlarining ish beruvchilarga va (yoki) chet ellik fuqarolarga berilgan koʻrsatmalarida koʻrsatilgan muddatlarda bartaraf etilmagan hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnomalarning amal qilishi tugatiladi.