Aholi bandligi toʻgʻrisida 16-modda. Autstaffing xizmatlari

Autstaffing ish beruvchi tomonidan oʻz xodimlarini ularning roziligi bilan boshqa yuridik shaxslarga ushbu xodimlar tomonidan ish beruvchi va uning xodimi oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomalarida, shuningdek jamoa kelishuvlarida belgilangan mehnat vazifalarini bajarish uchun vaqtinchalik yuborish yoʻli bilan koʻrsatiladigan xizmatlar turidir. Autstaffing xizmatlari ish beruvchi va boshqa yuridik shaxs oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida koʻrsatiladi. Xodimlar autstaffing xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq mehnat vazifalarini ular ish beruvchi tomonidan qaysi yuridik shaxsga yuborilgan boʻlsa, oʻsha yuridik shaxsning manfaatlarini koʻzlab, uning boshqaruvi va nazorati ostida amalga oshiradi. Xodimlar mehnatiga haq toʻlash ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyxatdan oʻtgan yuridik shaxslar autstaffing xizmatlari koʻrsatish huquqiga ega. Ish beruvchi tomonidan oʻz xodimlarini ular mehnat vazifalarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida bajarish uchun yuborish bilan bogʻliq autstaffing xizmatlari koʻrsatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Autstaffing xizmatlari koʻrsatish tartibi va autstaffing xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalar boʻyicha bajarilishiga yoʻl qoʻyilmaydigan ishlar turlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.