Ish oʻrinlarini tashkil etishga doir davlat buyurtmasi Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya dasturiga, hududlarni kompleks rivojlantirishga doir dasturlarga va modernizatsiya qilishga doir tarmoq dasturlariga (bundan buyon matnda rivojlantirish dasturlari deb yuritiladi) kiritilgan loyihalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan ish oʻrinlari sonining respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tayyorlangan prognozi asosida shakllantiriladi. Kelgusi yil uchun ish oʻrinlarini tashkil etishga doir davlat buyurtmasi rivojlantirishga doir dasturlarning aniq yoʻnaltirilgan qismiga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish uchun, shuningdek ishsiz shaxslarning va band boʻlmagan shaxslarning ishga joylashtirilishini taʼminlash uchun mehnat resurslarini jalb etish ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Ish oʻrinlarini tashkil etishga doir davlat buyurtmasi rivojlanish dasturlariga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlanishi, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlari, jalb etilgan chet el investitsiyalari, tijorat banklarining kreditlari, tashkilotlarning oʻz mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan taʼminlanishi kerak.