Aholi bandligi toʻgʻrisida 28-modda. Ish qidirayotgan shaxslar sifatida mahalliy mehnat organlarida roʻyxatga olinishi lozim boʻlgan shaxslarning toifalari

Quyidagilar ish qidirayotgan shaxslar sifatida mahalliy mehnat organlarida roʻyxatga olinishi mumkin: ishga yoki ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan mashgʻulotga ega boʻlmagan, oʻn olti yoshdan katta boʻlgan shaxslar; oʻzi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining tegishli moddalarida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha bekor qilinishi mumkin boʻlgan (mehnat shartnomasi kelgusida bekor qilinishi toʻgʻrisida ogohlantirilgan) shaxslar; tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi xulosasiga koʻra mehnat faoliyatini amalga oshirish imkoniyatiga ega nogironligi boʻlgan shaxslar; yoshidan qatʼi nazar, mehnat faoliyatini qayta tiklamoqchi (davom ettirmoqchi) boʻlgan pensionerlar; ish joyini yoki kasbini oʻzgartirishni xohlovchi shaxslar; doimiy ish joyiga ega boʻlishni xohlovchi, bir martalik, vaqtincha va mavsumiy ishlarda band boʻlgan shaxslar; haq toʻlanadigan jamoat ishlarida va qishloq xoʻjaligida mavsumiy ishlarda ishtirok etishni xohlovchi shaxslar; “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining talabnomasi asosida mahalliy mehnat organlariga roʻyxati taqdim etilgan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan, tegishli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan xotin-qizlar. Ishga joylashishga muhtoj boʻlgan shaxslarning boshqa toifalari ham ish qidirayotgan shaxslar sifatida mahalliy mehnat organlarida roʻyxatga olinishi mumkin.