Aholi bandligi toʻgʻrisida 30-modda. Ish qidirayotgan shaxslarni hisobdan chiqarish

Ish qidirayotgan shaxs mahalliy mehnat organida roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida quyidagi hollarda hisobdan chiqarilishi mumkin: ishga joylashganda; qonunchilikda belgilangan tartibda bandlikni ragʻbatlantirish va tadbirkorlikka jalb etish uchun subsidiyalar olganda; Oʻzbekiston Respublikasining Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mikrokreditlar olinganda; kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga yoki malaka oshirishga yuborilganda; oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatga olinganda; doimiy yashash uchun boshqa joyga koʻchib oʻtganda; mahalliy mehnat organiga uzrli sababsiz kelmaganda; Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirganda; ish qidirayotgan shaxs maqbul keladigan ishga doir takliflarni muntazam ravishda (ikki martadan koʻp) rad etganda; ish qidirayotgan shaxs sifatida gʻayriqonuniy roʻyxatdan oʻtish fakti aniqlanganda; sudning ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni nazarda tutuvchi hukmi qonuniy kuchga kirganda; muddatli harbiy xizmatga chaqirilganda; ish qidirayotgan shaxsni ishga joylashtirish boʻyicha ish olib borish imkonini bermaydigan boshqa holatlar yuzaga kelganda; ish qidirayotgan shaxs vafot etganda. Ushbu modda birinchi qismining toʻqqizinchi — oʻn birinchi va oʻn toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra hisobdan chiqarilgan shaxslar, ular mahalliy mehnat organida hisobdan chiqarilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kun oʻtgach, ish qidirayotgan shaxslar sifatida takroran roʻyxatdan oʻtish huquqiga ega. Ish qidirayotgan shaxsni mahalliy mehnat organida hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Bandlik xizmati” axborot tizimiga kiritiladi.