Aholi bandligi toʻgʻrisida 32-modda. Ish qidirayotgan shaxslarga ishga joylashtirishga doir yoʻllanma va ishga joylashishga koʻmaklashish yuzasidan murojaatnoma berish tartibi

Boʻsh (vakant) ish oʻrinlari va ish qidirayotgan shaxsning maqbul keladigan ishga joylashtirish toʻgʻrisidagi taklifga roziligi mavjud boʻlgan taqdirda, mahalliy mehnat organi xodimi unga: davlat tashkilotlariga (bundan “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 3-moddasining birinchi qismida va ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan lavozimlar mustasno), davlat ulushi ellik foiz va undan yuqori boʻlgan tashkilotlarga, shuningdek mulkchilikning nodavlat shakliga ega tashkilotlarga, tadbirkorlik subyektlariga zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlariga — ishga joylashtirishga doir yoʻllanma; mulkchilikning nodavlat shakliga ega tashkilotlarga, tadbirkorlik subyektlariga — ishga joylashishga koʻmaklashish yuzasidan murojaatnoma beradi. Ishga joylashtirishga doir yoʻllanma va ishga joylashishga koʻmaklashish yuzasidan murojaatnoma, qoida tariqasida, mahalliy mehnat organining direktori yoki direktor oʻrinbosari tomonidan yohud kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorga biriktirilgan xodim tomonidan imzolanadi. Ishga joylashtirishga doir yoʻllanma va ishga joylashishga koʻmaklashish yuzasidan murojaatnoma ish beruvchiga elektron tarzda, elektron raqamli imzodan foydalangan holda, shuningdek “Bandlik xizmati” axborot tizimi orqali yuborilishi mumkin.