Aholi bandligi toʻgʻrisida 46-modda. Ishsiz shaxslarning kelishini hisobga olish

Ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslar ishsizlik nafaqasini olish davrida bir oyda kamida ikki marta mahalliy mehnat organlariga kelishi shart. Kelish jadvali, sanasi va vaqti ish qidirayotgan shaxslarni roʻyxatga olishni amalga oshiruvchi mahalliy mehnat organi xodimi tomonidan ishsiz shaxsning mahalliy mehnat organiga kelishi qulayligi hisobga olingan holda belgilanadi. Ishsiz shaxs mahalliy mehnat organiga kelganda mahalliy mehnat organining xodimi: ishsiz shaxs bilan mazkur shaxsning ishsiz shaxs sifatida maqomini belgilashga va uni ishga joylashtirishga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan holatlarda yuz bergan oʻzgarishlar toʻgʻrisida suhbat oʻtkazadi; ishsiz shaxsni mavjud boʻsh (vakant) ish oʻrinlari toʻgʻrisida, kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan oʻtish yoki malakasini oshirish imkoniyatlari haqida, shuningdek haq toʻlanadigan jamoat ishlari toʻgʻrisida xabardor qiladi; maqbul keladigan ish mavjud boʻlganda ishga joylashtirishga doir yoʻllanma yoki ishga joylashishga koʻmaklashish yuzasidan murojaatnoma beradi. Mahalliy mehnat organi ishsiz shaxslarning oʻz vaqtida mahalliy mehnat organiga kelib turishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi. Ishsiz shaxslarning mahalliy mehnat organlariga kelishini hisobga olish ularning ish qidirish va ishga joylashishdagi faolligini oshirish, ularga mavjud boʻsh (vakant) ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi joriy axborotni taqdim etish, shuningdek ularning ishga joylashishiga va ijtimoiy jihatdan himoya qilinishiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan maʼlumotlarning ular tomonidan oʻz vaqtida olinishini taʼminlash maqsadida amalga oshiriladi.