Aholi bandligi toʻgʻrisida 57-modda. Ishsizlik nafaqalarining ortiqcha toʻlangan summalarini ushlab qolish

Ishsizlik nafaqasining ortiqcha toʻlangan summalari ishsiz shaxsdan, agar ortiqcha toʻlov hisob-kitobdagi xato natijasida yoki ishsiz shaxs tomonidan suiisteʼmollik oqibatida sodir etilgan boʻlsagina, ushlab qolinishi mumkin. Ushlab qolishlar ishsizlik nafaqasining keyingi toʻlanishlari chogʻida amalga oshiriladi. Hisob-kitobda yoʻl qoʻyilgan xato natijasida ortiqcha toʻlangan summani ushlab qolish toʻgʻrisidagi qaror notoʻgʻri belgilangan miqdordagi ishsizlik nafaqasi oxirgi toʻlangan kundan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay qabul qilinishi kerak. Ishsiz shaxs tomonidan suiisteʼmol qilish bilan bogʻliq boʻlgan ortiqcha toʻlangan summani ushlab qolish toʻgʻrisidagi qaror biror-bir muddatlar bilan cheklanmagan holda qabul qilinadi. Agar ishsizlik nafaqasini oluvchi ishsiz shaxs gʻayriqonuniy ravishda ishdan boʻshatilgan boʻlsa va sudning yoki boshqa vakolatli organning qaroriga koʻra ishsizlik nafaqasini oluvchi shaxs oʻziga yetkazilgan zararning oʻrni qoplangan holda avvalgi ishiga tiklangan boʻlsa, unga toʻlangan ishsizlik nafaqasi ushbu shaxs tomonidan toʻliq miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga ixtiyoriy ravishda qaytariladi. Ushbu shaxs olingan ishsizlik nafaqasini ixtiyoriy ravishda qaytarishni rad etgan taqdirda toʻlangan ishsizlik nafaqalarining butun summasi ushbu shaxsdan sud tartibida undiriladi.