Aholi bandligi toʻgʻrisida 64-modda. Ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni kasbga oʻqitishga doir davlat buyurtmasi parametrlari

Ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni kasbga oʻqitishga doir davlat buyurtmasi parametrlari: rivojlantirish dasturlariga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish yoki mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish; yangi xizmat koʻrsatish va servis obyektlarini ishga tushirish, yangi uy-joylar, ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlarini qurish; qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligi hajmlarini oshirish hisobiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmlarini kengaytirish, yangi bogʻlar, tokzorlar barpo etish, chorva mollari sonini koʻpaytirish; aholi tadbirkorlik faolligining oʻsishi, yangi tadbirkorlik, hunarmandchilik subyektlarini tashkil etish, tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga kreditlar ajratish; investitsiya loyihalarini va xususiylashtirilgan tashkilotlarni rivojlantirishning “yoʻl xaritalari”ni amalga oshirish, foydalanilmayotgan xonalarni va binolarni ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish uchun investitsiya majburiyatlari hamda ijtimoiy majburiyatlar sharti bilan realizatsiya qilish va davlat mulki obyektlarini ijaraga berish munosabati bilan zarur ish oʻrinlari sonini aniqlash asosida hisob-kitob qilinadi. Ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni kasbga oʻqitishga doir davlat buyurtmasi parametrlari hududlar kesimida, kasbga oʻqitishning har bir turi boʻyicha moliyalashtirishning prognoz hajmlari koʻrsatilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri tomonidan tasdiqlanadi. Ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni kasbga oʻqitishga doir davlat buyurtmasi parametrlari Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.