Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: aholi bandligi sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi; aholi bandligi sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi; aholi bandligiga koʻmaklashish, shuningdek ishga joylashishga muhtoj shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha choralar koʻradi; aholi daromadlarining oʻsishini taʼminlaydigan munosib, unumli va mahsuldor bandlikni ragʻbatlantirish boʻyicha choralarni amalga oshiradi; ishga joylashtirishning ilgʻor shakllarini joriy etish boʻyicha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ishini muvofiqlashtiradi; moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini va mehnat sharoitlarini yaxshilash choralarini koʻradi; aholi bandligi sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.