Aholi bandligi toʻgʻrisida 80-modda. Yakuniy malaka imtihonlari va malakalarni berish tartibi

Kasbga oʻqitish markazlarida oʻqitish yakunlari boʻyicha yakuniy malaka imtihonlari oʻtkaziladi. Yakuniy malaka imtihonlarini oʻtkazish uchun ish beruvchilar orasidan tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek kasbga oʻqitish markazlarining rahbarlari, oʻqituvchilari va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari orasidan malaka komissiyalari tuziladi. Yakuniy malaka imtihonlarini oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan belgilanadi. Yakuniy malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan oʻquvchilarga: uzoq muddatli oʻqishni oʻtaganda — diplomlar; oʻrta muddatli va qisqa muddatli oʻqishni oʻtaganda — sertifikatlar beriladi. Kasbga oʻqitish markazlarida oʻqitish yakunlari boʻyicha yakuniy malaka imtihoni bilan birga malakani baholash markazini shartnoma asosida jalb etgan holda ishchilarga malaka razryadini va mutaxassislarga malaka toifasini berish boʻyicha imtihon oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda malakani baholash markazi tomonidan oʻtkazilgan imtihon muvaffaqiyatli topshirilgan taqdirda diplom yoki sertifikat bilan birga malaka pasporti beriladi. Kasbga oʻqitish markazi tomonidan berilgan diplom tegishli mutaxassislik va malaka boʻyicha ishlash huquqini beradi.