Malaka, bilim va koʻnikmalarni baholash natijalari besh balli tizim boʻyicha baholanadi. Agar shaxs malaka, bilim va koʻnikmalarni baholashdan oʻtkazish yakunlariga koʻra uch va undan yuqori ball olsa, unga uch kunlik muddatda malaka pasporti, agar uchdan past ball olsa, malaka, bilim va koʻnikmalar baholashdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida xulosa beriladi. Malaka, bilim va koʻnikmalarni baholash natijalari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Malakani baholash markazi tomonidan ishchilarga malaka razryadi va mutaxassislarga malaka toifasi berish boʻyicha imtihonni oʻtkazish yakunlariga koʻra qabul qilingan qarorlardan norozi boʻlgan shaxslar imtihondan oʻtish natijalari toʻgʻrisida oʻzlari xabardor qilingan sanadan eʼtiboran oʻn kalendar kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga yozma ravishda shikoyat berishga haqli. Ishchilarga malaka razryadi va mutaxassislarga malaka toifasi berish boʻyicha imtihonni oʻtkazish natijalari va malaka pasportlarini berish bilan bogʻliq shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan belgilanadi. Berilgan malaka pasportlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Tasdiqlangan malakaga ega boʻlgan shaxslarning milliy reyestriga kiritiladi.