Aholi bandligi toʻgʻrisida 89-modda. Kasbiy standartlar va ularning loyihalarini ishlab chiqish tartibi

Kasbiy standartlar kadrlar malakasini, ularning bilim va koʻnikmalarini baholash, ularni attestatsiyadan oʻtkazish, tayyorlash va qayta tayyorlash uchun asos sifatida ishlab chiqiladi. Kasbiy standartlar loyihalari: respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, ilmiy tashkilotlar tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan reja-jadvalga muvofiq; Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tanlagan tashkilotlar tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan buyurtmasiga muvofiq; tashabbus tartibida — ish beruvchilarning birlashmalari, kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari, kasbiy assotsiatsiyalar, ilmiy tashkilotlar va boshqa manfaatdor tashkilotlar tomonidan ishlab chiqiladi. Kasbiy standartlar mazmuni va uni rasmiylashtirishga doir talablar Respublika kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Kasbiy standartlarning ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.