Jamiyatni tugatish uning huquq va majburiyatlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxslarga oʻtmagan holda jamiyat faoliyatining toʻxtatilishiga olib keladi. Jamiyat ixtiyoriy ravishda tugatilgan taqdirda, tugatilayotgan jamiyatning kuzatuv kengashi aksiyadorlar umumiy yigʻilishining hukmiga jamiyatni tugatish va tugatuvchini tayinlash toʻgʻrisidagi masalani havola etadi. Ixtiyoriy ravishda tugatilayotgan jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi tugatish toʻgʻrisida va tugatuvchini tayinlash haqida qaror qabul qiladi. Aksiyadorlik jamiyati sudning qarori bilan tugatilganda tugatuvchini tayinlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Tugatuvchi tayinlangan paytdan eʼtiboran jamiyat ishlarini boshqarish boʻyicha barcha vakolatlar tugatuvchiga oʻtadi. Tugatuvchi tugatilayotgan jamiyat nomidan sudda ishtirok etadi. Agar davlat tugatilayotgan jamiyatning aksiyadori boʻlsa, tugatish komissiyasi tayinlanadi va uning tarkibiga davlat mol-mulkini tasarruf etish vakolati berilgan organ vakili kiritiladi.