Jamiyatni taʼsis etish yoʻli bilan tuzish muassislarning (muassisning) qaroriga muvofiq amalga oshiriladi. Jamiyatni taʼsis etish toʻgʻrisidagi qaror taʼsis yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi. Jamiyat bir shaxs tomonidan taʼsis etilgan taqdirda jamiyatni taʼsis etish haqidagi qarorni shu shaxsning yolgʻiz oʻzi qabul qiladi. Jamiyat muassislari uni tuzish toʻgʻrisida oʻzaro taʼsis shartnomasini imzolaydilar, shartnomada ularning jamiyatni taʼsis etish borasida birgalikda faoliyat koʻrsatish tartibi, jamiyat ustav fondining miqdori, muassislar oʻrtasida joylashtirilishi kerak boʻlgan aksiyalarning turlari, ular uchun toʻlanadigan haq miqdori va bu haqni toʻlash tartibi, muassislarning jamiyatni tuzishga doir huquq va majburiyatlari belgilab qoʻyiladi. Jamiyatni taʼsis etish toʻgʻrisidagi qaror muassislarning ovoz berish natijalarini hamda jamiyatni taʼsis etish, jamiyat ustavini tasdiqlash, jamiyatni boshqarish organlarini saylash masalalari yuzasidan ular qabul qilgan qarorlarni aks ettirishi kerak. Jamiyatni taʼsis etish, uning ustavini tasdiqlash toʻgʻrisidagi va muassis tomonidan jamiyat aksiyalari haqini toʻlash uchun topshirilayotgan qimmatli qogʻozlar, boshqa mulkiy huquqlar yoki pul bilan baholanadigan boshqa huquqlarning pulda baholanishini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarorlar muassislar tomonidan bir ovozdan qabul qilinadi. Chet ellik investorlar ishtirokidagi jamiyatni tuzish Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Davlat korxonasi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilayotganda uni taʼsis etish toʻgʻrisidagi qaror davlat mulkini tasarruf etish vakolatiga ega boʻlgan organ tomonidan qabul qilinadi.