Auditorlik tashkiloti jamiyat bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jamiyatning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshiradi va unga auditorlik xulosasi taqdim etadi. Auditorlik tashkiloti jamiyatning moliyaviy hisoboti va moliyaga doir boshqa axborotlar haqida notoʻgʻri yakun bayon etilgan auditorlik xulosasi tuzganlik oqibatida yetkazilgan zarar uchun jamiyat oldida javobgar boʻladi. Ustav fondidagi davlat ulushi ellik foizdan koʻp boʻlgan jamiyatlarda auditorlik tekshiruvi oʻtkazish uchun auditorlik tashkilotini tanlash Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan roʻyxat boʻyicha tanlov asosida amalga oshiriladi.