Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 13-modda. Taʼsis yigʻilishi (konferensiyasi)

Taʼsis yigʻilishi (konferensiyasi): aksiyadorlik jamiyatini taʼsis etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va uning ustavini tasdiqlaydi; aksiyalarga ortiqcha obunani qabul qiladi yoki rad etadi. Aksiyalarga ortiqcha obuna qabul qilingan taqdirda ustav fondi tegishli ravishda koʻpaytiriladi; taʼsis etish jarayonida muassislar tomonidan tuzilgan shartnomalarni tasdiqlaydi; chiqarilayotgan aksiyalar turlarini hamda ularning sonini belgilaydi; jamiyatning kuzatuv kengashini, taftish komissiyasini saylaydi; jamiyatning ijroiya organini tuzadi (saylaydi, tayinlaydi). Taʼsis yigʻilishida (konferensiyasida) ovoz berish muassislar qoʻshgan hissalarga muvofiq oʻtkaziladi. Taʼsis yigʻilishi (konferensiyasi) qarorlarni oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qiladi. Taʼsis shartnomasini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qarorlar qabul qilinayotgan hollar bundan mustasnodir, bunda barcha muassislarning roziligi talab etiladi. Davlat korxonasi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilayotganda taʼsis yigʻilishi oʻtkazilmaydi.