Jamiyatning ustav fondi aksiyadorlar sotib olgan jamiyat aksiyalarining nominal qiymatidan tashkil topadi. Jamiyat chiqaradigan barcha aksiyalarning nominal qiymati bir xil boʻlishi lozim. Jamiyatning ustav fondi uning mol-mulkining oʻz kreditorlari manfaatlarini kafolatlaydigan darajadagi eng kam miqdorini belgilaydi. Jamiyat davlat mulki negizida tuzilganda korxonaning (mol-mulkning) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlangan bozor bahosi jamiyat ustav fondining summasini tashkil etadi. Jamiyat oddiy aksiyalarni joylashtirishi shart, shuningdek bir yoki bir necha turdagi imtiyozli aksiyalarni joylashtirishga haqli. Joylashtirilgan imtiyozli aksiyalarning nominal qiymati jamiyat ustav fondining yigirma foizidan oshmasligi lozim. Jamiyat taʼsis etilayotganda uning barcha aksiyalari muassislar oʻrtasida joylashtirilgan boʻlishi kerak.