Aksiyalar egasining nomi yozilgan emissiyaviy qimmatli qogʻozlar boʻlib, ular turiga koʻra oddiy va imtiyozli boʻlishi mumkin. Aksiyalar mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida qaysi yuridik yoki jismoniy shaxsga tegishli boʻlsa, oʻsha yuridik yoxud jismoniy shaxs aksiyaning egasi — aksiyador deb eʼtirof etiladi. Oddiy aksiyalar ovoz beruvchi boʻlib, ularning egasiga dividendlar olish, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishlarida va jamiyatni boshqarishda ishtirok etish huquqini beradi. Aksiya egalariga dividendlarni, shuningdek jamiyat tugatilganda aksiyalarga qoʻyilgan mablagʻlarni birinchi navbatda olish huquqini beradigan aksiyalar imtiyozli aksiyalardir. Imtiyozli aksiyalar oʻz egalariga jamiyat foyda koʻrish-koʻrmasligidan qatʼi nazar, muayyan dividendlar olish huquqini beradi. Chiqariladigan aksiyalarning turlari, ularni joylashtirish, ular boʻyicha dividendlar toʻlash tartibi qonun hujjatlariga muvofiq jamiyat ustavida belgilanadi.