Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 36-modda. Aksiyalarni joylashtirish

Ochiq aksiyadorlik jamiyati aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan qimmatli qogʻozlarni ochiq va yopiq obuna vositasida joylashtirishga haqli. Yopiq aksiyadorlik jamiyati ochiq obuna vositasida aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan qimmatli qogʻozlarni joylashtirishga yoki ularni cheklanmagan doiradagi shaxslarga sotib olish uchun boshqacha tarzda taklif etishga haqli emas. Davlat korxonalarini aksiyadorlik jamiyatlariga oʻzgartirish jarayonida chiqarilgan aksiyalar yangi mulkdorlarga belgilangan tartibda realizatsiya qilinadigan paytga qadar dastlabki joylashtirilgan davlat aktivlari hisoblanadi. Emitent tomonidan aksiyalarni joylashtirish muddati ularning chiqarilishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir yildan oshmasligi kerak. Ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan aksiyalar va aksiyalarga ayirboshlanadigan qimmatli qogʻozlarni joylashtirish (ochiq yoki yopiq obuna) usullari jamiyat ustavida belgilab qoʻyiladi, jamiyat ustavida bu xususda koʻrsatmalar boʻlmasa, aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qarori bilan belgilanadi. Jamiyat ustavida yoki aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qarorida jamiyat aksiyalari va aksiyalarga ayirboshlanadigan qimmatli qogʻozlarini joylashtirish uslubi toʻgʻrisida koʻrsatma boʻlmasa, joylashtirish faqatgina ochiq obuna vositasida amalga oshirilishi mumkin. Jamiyatning aksiyalar va aksiyalarga ayirboshlanadigan qimmatli qogʻozlarni joylashtirishi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Qonun hujjatlarida ochiq aksiyadorlik jamiyatining aksiyalar va aksiyalarga ayirboshlanadigan qimmatli qogʻozlarni ochiq obuna vositasida joylashtirishi shart boʻlgan hollar belgilab qoʻyilishi mumkin.