Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 39-modda. Aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan qimmatli qogʻozlarni joylashtirishda aksiyadorlarning huquqlarini taʼminlash

Agar jamiyat aksiyalarni va ovoz beruvchi aksiyalarga ayirboshlanadigan, haqi pul bilan toʻlanadigan qimmatli qogʻozlarni joylashtirsa, jamiyat ustavida jamiyatning ovoz beruvchi aksiyalari egasi boʻlmish aksiyadorlar bunday qimmatli qogʻozlarni oʻzlari ega boʻlgan ovoz beruvchi aksiyalar soniga mutanosib miqdorda imtiyozli sotib olishga haqli ekanligi nazarda tutilishi mumkin. Aksiyalar va ovoz beruvchi aksiyalarga ayirboshlanadigan qimmatli qogʻozlar haqi pul bilan toʻlangan ochiq obuna vositasida joylashtirilgan taqdirda imtiyozli sotib olish huquqini qoʻllamaslik toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek bunday qarorning amal qilish muddati toʻgʻrisidagi qaror aksiyadorlar umumiy yigʻilishida ishtirok etayotgan ovoz beruvchi aksiyalar egalarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinishi mumkin. Aksiyalarni va ovoz beruvchi aksiyalarga ayirboshlanadigan qimmatli qogʻozlarni imtiyozli sotib olish huquqini qoʻllamaslik toʻgʻrisidagi qaror aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qarorida belgilangan muddat davomida, ammo bunday qaror qabul qilingan paytdan eʼtiboran koʻpi bilan bir yil davomida amal qiladi. Aksiyalarni va ovoz beruvchi aksiyalarga ayirboshlanadigan qimmatli qogʻozlarni imtiyozli olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarning roʻyxati ushbu qimmatli qogʻozlarni chiqarish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadagi jamiyat aksiyadorlari reyestrining maʼlumotlari asosida tuziladi. Ushbu moddaning qoidalari ushbu Qonunning 29-moddasiga muvofiq jamiyatning ovoz berish huquqini olgan imtiyozli aksiyalari egalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.