Jamiyat aksiyalarni va ovoz beruvchi aksiyalarga ayirboshlanadigan, haqi pul bilan toʻlanadigan qimmatli qogʻozlarni joylashtira boshlaydigan kundan kamida 30 kun oldin jamiyatning ovoz beruvchi aksiyalari egalari boʻlmish aksiyadorlar ushbu Qonunning 39-moddasida nazarda tutilgan oʻz huquqlarini amalga oshirishlari mumkinligi haqida xabardor qilinishi lozim. Xabarnomada aksiyalarning va ovoz beruvchi aksiyalarga ayirboshlanadigan qimmatli qogʻozlarning joylashtirilayotgan miqdori, ularni joylashtirish bahosi (shu jumladan, agar jamiyat aksiyadorlari oʻzlarining bunday qimmatli qogʻozlarni imtiyozli sotib olish huquqini amalga oshirsalar, ularni jamiyatning aksiyadorlariga joylashtirish bahosi), har bir aksiyador sotib olishga haqli boʻlgan qimmatli qogʻozlarning sonini aniqlash tartibi, aksiyadorlarning bunday huquqi amal qiladigan muddat va huquqni roʻyobga chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim. Aksiyador aksiyalarni va ovoz beruvchi aksiyalarga ayirboshlanadigan qimmatli qogʻozlarni sotib olishi toʻgʻrisida oʻzining ismi (nomi) va yashash manzili (joylashgan manzili), sotib oladigan qimmatli qogʻozlarning soni koʻrsatilgan yozma ariza va haq toʻlaganlik toʻgʻrisidagi hujjatni jamiyat nomiga yuborib, oʻzining imtiyozli huquqini toʻla yoki qisman roʻyobga chiqarishga haqlidir. Bunday ariza ovoz beruvchi aksiyalarga ayirboshlanadigan qoʻshimcha aksiyalar va qimmatli qogʻozlarni joylashtirish boshlanadigan sanadan kechi bilan bir kun oldin jamiyat nomiga yuborilishi lozim.