Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 44-modda. Aksiyadorlar talabiga binoan jamiyatning aksiyalarni qaytarib sotib olishi

Ovoz beruvchi aksiyalarning egalari boʻlgan aksiyadorlar: jamiyat qayta tashkil etilganda yoki aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan ushbu Qonunning 90-moddasi uchinchi qismiga muvofiq qabul qilingan qarorga binoan yirik bitim amalga oshirilganda, basharti aksiyadorlar qayta tashkil etish yoki koʻrsatib oʻtilgan bitimni tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishiga qarshi ovoz bergan boʻlsalar yoxud bu masalalar boʻyicha ovoz berishda uzrli sabablarga koʻra ishtirok etmagan boʻlsalar; jamiyat ustaviga aksiyadorlarning huquqlarini cheklaydigan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilganda yoki jamiyatning ustavi ularning huquqlarini cheklaydigan tarzda yangi tahrirda tasdiqlanganda, basharti aksiyadorlar tegishli qarorlar qabul qilinishiga qarshi ovoz bergan boʻlsalar yoki ovoz berishda uzrli sabablarga koʻra ishtirok etmagan boʻlsalar, oʻzlariga qarashli aksiyalarning hammasi yoki muayyan qismi jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilishga haqlidir. Oʻzlariga tegishli aksiyalarni jamiyatning qaytarib sotib olishini talab qilish huquqiga ega boʻlgan aksiyadorlar roʻyxati ovoz berish natijasida ushbu Qonunga muvofiq aksiyalarni qaytarib sotib olishni talab qilish huquqi vujudga kelishi mumkin boʻlgan masalalar kun tartibiga kiritilgan umumiy yigʻilishda qatnashish huquqiga ega boʻlgan jamiyat aksiyadorlari reyestrining maʼlumotlari asosida tuziladi. Jamiyat aksiyalarni bozor qiymati boʻyicha qaytarib sotib oladi, bu qiymatni aniqlash chogʻida jamiyatning aksiyalarni baholashni va qaytarib sotib olishni talab qilish huquqi vujudga kelishiga sabab boʻladigan harakati natijasida uning qiymati oʻzgarishi hisobga olinmaydi.