Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 45-modda. Aksiyadorlarning oʻzlariga tegishli aksiyalarni jamiyat qaytarib sotib olishini talab qilish huquqini amalga oshirish tartibi

Jamiyat aksiyadorlarni oʻzlariga tegishli aksiyalarni jamiyat qaytarib sotib olishini talab qilish huquqi borligidan, qaytarib sotib olish bahosi va uni amalga oshirish tartibidan xabardor etishi shart. Ovoz berish natijasida ushbu Qonunga muvofiq jamiyat aksiyalarni qaytarib sotib olishini talab qilish huquqi vujudga kelishi mumkin boʻlgan masalalar kiritilgan aksiyadorlar umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisida aksiyadorlarga yetkaziladigan xabar ushbu moddaning birinchi qismida aytib oʻtilgan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim. Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida qatnashish huquqiga ega boʻlmagan aksiyadorlardan jamiyatning aksiyalarni qaytarib sotib olishini talab qilish huquqi borligi va bunday huquqni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi axborot jamiyat aksiyalarni qaytarib sotib olishini talab qilish huquqi vujudga kelishiga sababchi boʻlgan qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kechi bilan 7 kun ichida ularga yuboriladi. Aksiyadorning oʻziga tegishli aksiyalarni qaytarib sotib olish toʻgʻrisidagi yozma talabi aksiyadorning yashash manzili (joylashgan manzili) va u qaytarib sotib olinishini talab qilayotgan aksiyalar sonini koʻrsatgan holda jamiyatga yuboriladi. Aksiyadorlarning oʻzlariga qarashli aksiyalarni jamiyatning qaytarib sotib olishi toʻgʻrisidagi talablari aksiyadorlar umumiy yigʻilishining tegishli qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran kechi bilan 45 kun ichida jamiyatga taqdim qilinmogʻi lozim. Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan muddat tugaganidan soʻng jamiyat qaytarib sotib olish talabini qoʻygan aksiyadorlardan aksiyalarni 30 kun ichida sotib olishi shart. Jamiyat aksiyalarni, ushbu Qonunga muvofiq, ovoz berish natijasida aksiyalar jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqi vujudga kelishi mumkin boʻlgan masalalarni kun tartibiga kiritgan holda umumiy yigʻilish oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarda koʻrsatilgan bahoda sotib oladi. Jamiyat aksiyalarni qaytarib sotib olishga ajratadigan mablagʻ