Mol-mulkning bozor qiymati, shu jumladan jamiyatga qarashli aksiyalar yoki boshqa qimmatli qogʻozlarning qiymati shunday bahodirki, mol-mulkning qiymati toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotga ega boʻlgan va uni sotishga majbur boʻlmagan sotuvchi uni shu bahoda sotishga rozi boʻlishi mumkin, mol-mulkning qiymati toʻgʻrisida toʻliq axborotga ega boʻlgan va uni sotib olishga majbur boʻlmagan oluvchi esa uni shu bahoda sotib olishga rozi boʻlishi mumkin. Mol-mulkning bozor qiymatini aniqlash uchun baholovchi tashkilot jalb etilishi mumkin. Jamiyat aksiyadorlardan ularga tegishli aksiyalarni ushbu Qonunning 45-moddasiga muvofiq qaytarib sotib olgan taqdirda mol-mulkning bozor qiymatini aniqlash uchun baholovchi tashkilotni jalb etish shart boʻladi. Davlatning oʻzi jamiyat aksiyalarining egasi boʻlgan taqdirda, davlat moliya organini jalb etish majburiydir. Qiymatini aniqlash talab qilinayotgan mol-mulk aksiya yoki boshqa qimmatli qogʻozlardan iborat boʻlib, ularning sotib olish narxi yoki talab narxi hamda taklif narxi matbuotda muntazam eʼlon qilib turilgan boʻlsa, mazkur mol-mulkning bozor qiymatini aniqlash uchun ana shu sotib olish narxi yoki talab narxi va taklif narxi eʼtiborga olinishi lozim.